Qozog‘iston Milliy agrar universiteti negizida Toshkentdagi universitetning filiali ochiladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Al-Farobiy nomidagi Qozoq milliy universiteti rektori Janseit Tuimebayev Qozog‘iston universitetlarni xalqarolashtirish strategiyasini amalga oshirayotganini aytgan. U, shuningdek, Qozog‘iston Milliy agrar universiteti negizida Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muxandislari instituti Milliy tadqiqot universitetining filiali ochilayotganini qayd etgan.
“Qozog‘iston universitetlarni xalqarolashtirish strategiyasini amalga oshirmoqda. Bu global taʼlim makoniga integratsiyalashuv jarayonida mahalliy oliy taʼlim muassasalarining raqobatbardoshligi va malakali mutaxassislar tayyorlash sifatini oshiradi.
Markaziy Osiyo oliy taʼlim xabiga aylanishi shart va lozim. Markaziy Osiyo universitetlari murakkab geosiyosiy vaziyatga qaramay, milliy manfaatlar va o‘ziga xos xususiyatlarni hisobga olgan holda, birdamlik va hamjihatlikni saqlashi zarur. Biz xalqlarimiz manfaati va farovonligi yo‘lida olg‘a intilish uchun birga bo‘lishimiz va birgalikda harakat qilishimiz kerak”, — deydi u.
Izoh (0)