Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilish kun tartibidagi ikkinchi masala sifatida “Yashil makon” umummilliy loyihasining amalga oshirilishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu loyiha boshlanganidan o‘tgan 2 yilda uy-joy massivlarida 1 ming 200 gektardan ortiq yashil bog‘ va jamoat parklari, 1 million gektardan ziyod yashil hudud va qoplamalar barpo etildi. Joriy yilda, 25 oktyabrdan 1 dekabrgacha, “kuzgi daraxt ekish mavsumi” e’lon qilinadi, uning doirasida 85 million tup ko‘chat ekish rejalashtirilgan.
Bunda barcha darajadagi rahbarlar, vazirlar, hokimlar, mahalla faollari, jamoat arboblari, nuroniylar, san’atkor va sportchilar, mashhur blogerlar o‘rnak ko‘rsatishlari muhimligi ta’kidlandi.
Buning uchun Respublika shtabi tashkil qilinadi. Fanlar akademiyasi, Tuproqshunoslik, O‘rmonchilik institutlari, o‘rmon xo‘jaliklari rahbarlari ham shtabga a’zo bo‘ladi. Shtab tuproq tahlili, iqlim sharoiti asosida qayerga, qachon, qaysi ko‘chat turini qancha ekishni belgilab beradi.
Izoh (0)