O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Kanada elchisi Elison Meri Leklerni qabul qildi. Bu haqda vazir o‘zining Telegram dagi sahifasiga yozib qoldirdi.
“O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Kanada elchisi Elison Lekler xonim bilan uchrashdik. Energetikadan tortib ta’limgacha bo‘lgan ko‘plab sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarimiz ulkan salohiyatga ega ekanini alohida ta’kidladik. O‘tgan yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi uchun elchi xonimga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz va kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tilaymiz”, — deb yozadi TIV rahbari.
2021-yilning 26-iyul kuni diplomat Elison Meri Leklerni O‘zbekistondagi elchi lavozimiga ishonch yorliqlarini TIVga topshirgan edi. 2004-yildan 2014-yilgacha esa Jon Ronald Kyor Kanadaning O‘zbekistondagi elchisi sifatida faoliyat yuritgan.
Bir necha kun oldin Dilshod Axatov O‘zbekistonning Germaniyadagi elchisi etib tayinlangani, O‘zbekistonning Isroildagi elchisi Feruza Mahmudova o‘z missiyasini yakunlayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Izoh (0)