Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi rahbari Sharifbek Hasanov Shvetsiyaning O‘zbekistondagi elchisi Tomas Danestad hamda Shvetsiya chiqindilarni boshqarish va qayta ishlash uyushmasi katta maslahatchisi Vern Vikvist bilan uchrashdi.
Qayd etish bo‘yicha, chiqindilarni boshqarish bo‘yicha Shvetsiya ilg‘or tajribasini O‘zbekiston sharoitida amaliyotga joriy etish yuzasidan bir qator chora-tadbirlar olib borilmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Shvetsiya o‘rtasida chiqindilarni boshqarish va tizimga ilg‘or xorijiy tajribani joriy etishni jadallashtirish masalasi muhokama qilingan. Shuningdek, mamlakatda chiqindilar bo‘yicha vaziyatni, jumladan, ushbu sohadagi qisqa va uzoq muddatli ehtiyojlarni o‘rganish hamda tahlil qilish masalalari yuzasidan o‘zaro fikr-mulohazalar almashilgan.
Bundan tashqari, Shvetsiyaning chiqindilarni boshqarish modeliga asosan chiqindilarni qayta ishlash hamda undan energiya ishlab chiqarishga urg‘u berilgan.
“Chiqindilarni energiyaga aylantirishning innovatsion texnologiyalarini ishlab chiqish, barqaror loyihalash va hayotga tatbiq etilishiga alohida ahamiyat qaratildi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Toshkent viloyati Ohangaron tumani hududida 2023-yil noyabr oyigacha yangi maishiy chiqindi poligoni tashkil etilishi to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, mamlakatda 2024-yil 1-yanvargacha yangi yuk tashuvchi transport vositalarini (chiqindi tashish mashinalari va samosvallar) import qilishda bojxona boji stavkasi 5 foiz miqdorida o‘rnatiladi va ular utilizatsiya yig‘imidan ozod qilingan.
Izoh (0)