“Yuksalish” umummilliy harakati tomonidan maktablarda yangi o‘quv yili boshlanishidan oldin o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilinishi va ular tomonidan maktab taʼmiri va boshqa xarajatlarni o‘z hisobidan amalga oshirishga to‘g‘ri kelgani holatlari anonim so‘rov asosida o‘rganildi.
So‘rovnomada butun respublika bo‘ylab jami 5 745 nafar maktab o‘qituvchi va murabbiylari ishtirok etgan. Respondentlarning 1 878 nafari erkak (32,7 foiz) va 3 867 nafari ayol (67,3 foiz) pedagoglarni tashkil qilgan.
So‘rovnomada yozgi taʼtil davrida majburiy mehnatga jalb qilingani to‘g‘risidagi savolga ishtirokchilarning aksariyati (92,3 foizi) taʼtil davomida maktab rahbariyati tomonidan ishga chaqirilmaganini taʼkidlagan. Biroq respondentlar orasida taʼtil davomida majburiy mehnatga jalb qilinganlari ham bor (7,7 foiz).
Shuningdek, so‘rovnomaning yana bir asosiy masalalaridan biri “Yangi o‘quv yiliga tayyorgarlik jarayonida o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan xarajat qilishiga to‘g‘ri keldimi?” degan savol bo‘ldi. Ushbu savolga respondentlarning 4 987 nafari (86,8 foizi) qo‘shimcha xarajat qilishga to‘g‘ri kelmaganini bildirgan bo‘lsa, 10,1 foizi o‘z hisobidan 500 ming so‘mga yaqin, 3 foizdan ortig‘i 1 million so‘mdan ko‘p mablag‘lar ishlatishiga to‘g‘ri kelganini bildirgan.
Ayniqsa, bu ko‘rsatkichlar Toshkent viloyati (48 foiz) va Toshkent shahrida (45 foiz) yuqori darajada. Bu borada alohida suhbatlarda maʼlum qilinishicha, bu kabi xarajatlarni qoplash uchun o‘qituvchilarga sinf xonalarini o‘z hisobidan jihozlash va bezatish, birinchi sinflarda o‘yinchoq o‘ynash uchun burchaklar tashkil etish, sinf xonasining pol qismidagi linoleumlarni almashtirish uchun o‘z hisobidan 3 million so‘mdan ortiq mablag‘ ishlatishga to‘g‘ri kelgan.
Shu bilan birgalikda, anonim so‘rovnomada o‘qituvchilar o‘rtasida dars soatlari qanchalik adolatli taqsimlanishi masalasi ham o‘rganilgan.
Natijalarga ko‘ra, respondentlarning 84,4 foizi ularga maktab maʼmuriyati tomonidan darslar adolatli taqsimlanishini bildirgan. Biroq 15,6 foiz respondentlar dars soatlari taqsimoti adolatli bo‘lmasligini ma’lum qilgan. Bu bo‘yicha eʼtiroz, ayniqsa, Toshkent (42 foiz), Navoiy (33 foiz), Jizzax (22 foiz), Samarqand (19 foiz) viloyatlari va Toshkent shahrida (31 foiz) yuqori darajada ekani maʼlum bo‘ldi.
Shuningdek, so‘rovda respondentlarning 78 foizi faoliyatida o‘zlariga yuklatilgan rasmiy majburiyatidan tashqari vazifalar yuklatilmasligini bildirgan. Lekin ishtirokchilarning 15 foizi “Tashabbusli budjet” loyihalariga ovoz yig‘ish vazifasi rahbariyat tomonidan yuklatilishini, 7 foizga yaqini mahalliy hokimiyatlar tomonidan tashkil etiladigan turli tadbirlarga jalb qilinishini ma’lum qilgan.
“Tashabbusli budjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorning 6-bandiga binoan, tashabbusli budjetlashtirish jarayonlari doirasida budjet tashkilotlarining rahbar xodimlari tomonidan majburiy ovoz yig‘ish bo‘yicha xodimlarga topshiriq berishlari taqiqlanadi. Bunda majburiy ovoz yig‘ishga majburlash tegishli tashkilot xodimlarini majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanadi.
Izoh (0)