AQSH uchun asosiy tahdid Xitoy, dedi prezidentlikka Respublikachilar partiyasidan nomzod Vivek Ramasvami Fox News telekanaliga bergan intervyusida.
![](/static/2023/surayyo2/photo_2023-09-18_14-26-57.jpg)
“Bizga duch kelayotgan birinchi raqamli tahdid kommunistik Xitoydir. Endi eʼtiborimizni hozir mavjud bo‘lmagan SSSRga emas, unga qaratishimiz kerak”, — dedi respublikachi.
Avvalroq Ramasvami “Xitoy—Rossiya ittifoqi” Qo‘shma Shtatlar uchun “birinchi raqamli tahdid” ekanini aytgandi.
“Ukrainani qurollantirishni davom ettirib, biz Rossiyani Xitoy qo‘liga tutqazyapmiz”, — deb ta’kidlagan u.
Avgust oyida prezidentlikka nomzod Ukrainadagi urush bo‘yicha Rossiyaga yon berishga tayyorligini ma’lum qilgan. Xususan, uning so‘zlariga ko‘ra, u Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Ukraina hududlarini tan olishga va Ukrainaning NATOga kirishiga qarshi turishga tayyor. Shuningdek, u sanksiyalarni bekor qilishga va Rossiyani jahon bozoriga qaytarishga va’da berdi.
Fox News so‘roviga ko‘ra, respublikachilar praymerizlarida saylovchilarning 11 foizi Ramasvamini qo‘llab-quvvatlamoqda. U Florida gubernatori Ron Desantis va AQSH sobiq prezidenti Donald Trampdan orqada, ularni mos ravishda 13 va 60 foiz saylovchilar qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Izoh (0)