Meksika hukumati qamoqdagi narkobaron Xoakin Guzman (El Chapo nomi bilan mashur)ning o‘g‘li Ovidio Guzmanni AQSH huquq-tartibot idoralariga rasman topshirdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
“Qamoqdagi meksikalik narkobaron El Chapo Guzmanning o‘g‘li Ovidio Guzman fentanil savdosida gumon qilinayotgani uchun juma kuni (15-sentabr) AQSHga ekstraditsiya qilindi”, — deyiladi xabarda.
AQSH bosh prokurori Merik Garlandning aytishicha, kichik Guzmanning ekstraditsiya qilinishi “Amerikaning Guzmanlar oilasiga aloqador Sinaloa karteli kontrabanda operatsiyalarini bostirishga qaratilgan sa’y-harakatlaridagi so‘nggi qadamdir”.
Meksika xavfsizlik kuchlari Ovidio Guzmanni yanvar oyida shimoliy Sinaloa shtatidagi Kuliakan shahrida qattiq otishmadan so‘ng hibsga olgandi. Shaharda uzoq yillardan beri El Chaponing narkotik imperiyasi faoliyat yuritadi. Hibsga olishdan keyin boshlangan tartibsizliklarda o‘nlab odamlar halok bo‘lgan.
Sinaloa narkokartelining rahbari bo‘lgan El Chaponing o‘zi 2017-yilda AQSHga ekstraditsiya qilingan. U Koloradodagi qattiq rejimli Supermax qamoqxonasida umrbod qamoq jazosini o‘tamoqda.
Izoh (0)