Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy kelasi hafta AQSHga borib, Oq uyda Jo Bayden bilan uchrashishni rejalashtirmoqda. Bu haqda NBC News va Reuters xabar berdi.
Xabarlarga ko‘ra, Zelenskiy Nyu-Yorkdagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida ishtirok etadi, so‘ng AQSH prezidenti bilan uchrashadi.
Bundan tashqari Ukraina prezidenti Vashingtonga tashrifi davomida Kongressda nutq so‘zlashi aytilmoqda. Ta’kidlanishicha, tashrif Bayden ma’muriyati bilan kelishilgan va 21-sentabr, payshanba kuniga belgilangan.
Amerika OAV yozishicha, Kongressda Zelenskiy va Bayden kongressmenlarni Ukrainaga 24 milliard dollardan ortiq qo‘shimcha yordam ko‘rsatish uchun Oq uy so‘rovini maʼqullashga chaqirmoqchi.
2022-yil dekabr oyida Vladimir Zelenskiy urush boshlanganidan beri ilk xorijiy tashrifi bilan AQSHga borgandi. Vashingtonda Zelenskiy Bayden bilan uchrashib, Kongressda nutq so‘zlagan.
2023-yil 20-fevral kuni AQSH prezidenti Jo Bayden e’lon qilinmagan tashrif bilan Kiyevga keldi. Bu AQSH prezidentining so‘nggi 15 yil ichida Ukrainaga ilk tashrifidir. Oxirgi marta 2008-yilda o‘sha paytdagi prezident Jorj Bush Kiyevga kelgandi. Shu bilan birga, Jo Bayden ilgari Barak Obama ma’muriyatida vitse-prezident bo‘lib ishlagan paytda olti marta Kiyevda bo‘lgan.
Izoh (0)