Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiyaga safarini davom ettirmoqda. 15-sentabr kuni u Xabarovsk o‘lkasidagi Komsomolsk-na-Amurga tashrif buyurdi, u yerda Su-35 va Su-57 qiruvchi samolyotlarini, shuningdek, SJ-100 yo‘lovchi samolyotlarini yig‘adigan aviatsiya korxonalarini ko‘zdan kechirdi. Kim Chen Inga Su-35 qiruvchisining ko‘rgazmali parvozi ham namoyish qilindi.
Shimoliy Koreya rahbariga Rossiya sanoat va savdo vazirligi rahbari Denis Manturov hamrohlik qildi.
“Biz aviasozlik sohasida ham, sanoatning boshqa tarmoqlarida ham hamkorlik salohiyatini ko‘rmoqdamiz – bu, ayniqsa, texnologik suverenitetga erishish bo‘yicha mamlakatlarimiz oldida turgan vazifalarni amalga oshirish uchun dolzarb ahamiyatga ega”, — dedi Manturov.
Komsomolsk-na-Amur shahridan Kim Chen Inning zirhli poyezdi Vladivostokga yo‘l oldi.
Kim Chen Inning Rossiyaga safari uning oxirgi to‘rt yil ichida xorijiy davlatga amalga oshirgan ilk rasmiy tashrifi hisoblanadi. 13-sentabr kuni Shimoliy Koreya yetakchisi “Vostochniy” kosmodromiga tashrif buyurib, u yerda Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muzokara o‘tkazgandi. Shimoliy Koreyaning Koreya davlat markaziy axborot agentligi (KCNA) xabar berishicha, Kim Chen In Putinni Shimoliy Koreyaga taklif qilgan, Putin esa “taklifni mamnuniyat bilan qabul qilgan”.
Izoh (0)