Jahon banki trast fondi orqali AQSH yil oxirigacha Ukrainaga yana 1,25 milliard dollar ajratadi. Bu pul harbiy yordamga emas, balki aholining zaif qatlamlarini, davlat xizmatchilari, shifokorlar, o‘qituvchilar va qutqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Bu haqda Ukraina Moliya vazirligi saytida xabar berildi.
Tegishli protokol Jahon bankining “Ukrainada barqaror davlat boshqaruvini taʼminlash uchun davlat xarajatlarini qo‘llab-quvvatlash” loyihasi doirasida Amerika grantini jalb qilish bo‘yicha muzokaralardan so‘ng imzolandi.
Jahon banki va Ukraina Moliya vazirligi tomonidan 26,6 milliard dollarga yaqin 20 ta qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda, shundan qariyb 6,6 milliard dollari kredit mablag‘lari, yana 20 milliard dollari grant mablag‘laridir. Ushbu portfel hajmi hamkorlikning barcha yillaridagi eng katta hajmga aylandi.
Sentabr oyi boshida Jahon banki Ukrainaga uy-joylarni favqulodda ta’mirlash uchun 232 million dollar ajratdi. Bundan oldin oxirgi marta Jahon banki Ukrainaga 1,75 milliard dollar miqdorida yordam ajratilishini e’lon qilgan edi.
Ukraina moliya vaziri Sergey Marchenko kelasi yili Ukraina hukumati AQSHdan 12–14 milliard dollar miqdorida yordam so‘rashini aytgandi. Vazir buni Rossiya bilan davom etayotgan harbiy mojaro sharoitida budjet xarajatlari hamon yuqoriligi bilan izohlagan.
Izoh (0)