“O‘zbekiston – 2030 strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
Hujjatga muvofiq 2024-yil 1-yanvardan boshlab Toshkent shahrining tibbiyot muassasalarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy xizmatlar hajmi va dori vositalari ro‘yxatini amaliyotga kiritishni nazarda tutuvchi davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarni protez-ortopediya buyumlari, reabilitatsiya hamda dori vositalari bilan ta’minlash ishlari “vaucher” tizimi asosida bosqichma-bosqich tashkil etiladi.
Bunda, nogironligi bo‘lgan shaxslarga tovar va xizmatlarni o‘zlari tanlagan yetkazib beruvchidan xarid qilish imkoniyati yaratiladi va ularning xarajatlari davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.
Xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, ularga o‘z salohiyatini to‘laqonli ro‘yobga chiqarishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarni qayta kasbga tayyorlash xarajatlarini davlat tomonidan qoplab berish tartibi joriy etiladi.
Prezidentning 2018-yil dekabrdagi qarorida 2021-yildan boshlab majburiy tibbiy sug‘urta tizimini bosqichma-bosqich joriy etish belgilangandi. 2020-yil noyabrida davlat rahbari Sirdaryo viloyatida tajriba-sinov loyihasi doirasida davlat tibbiy sug‘urtasini joriy etish bo‘yicha qarorni imzolagandi.
Izoh (0)