Sarlavhasiz kirish
Hozir “Chol va dengiz” qissasi, deb endi og‘iz juftlamoqchi bo‘lsangiz, o‘qimagan odam ham bemalol bu asar haqida fikr bildirib, siz bilan tortisha oladi. Bu asardagi sujetning hammaning esida qolar darajada tushunarli ekanligidan bo‘lsa kerak.
“Ha, nima, shu, chol bo‘ladi, baliq ushlaydi, sakson bet shu baliqni ushlashi haqida yozilgan, oxirida tutganini akulalar yeb ketadi va tamom. Ortiqcha nimadir izlab o‘tirish shartmas. Baribir tushunmayman, nimasi bunchalik mashhur buning…” Hamsuhbatingiz shunga o‘xshash gaplarni aytyaptimi, demak, ishoning, u bu asarni aniq o‘qimagan. Atrofdagilaridan eshitganlarini uzuq-yuluq, “sho‘rvaning sho‘rvasi” qilib tushuntirishga chiranyapti, xolos. Aslida “Chol va dengiz”dagi dengiz, bola, chol, cholning ummon rang ko‘zlari, qat’iy nigohi, bolaning favqulodda jiddiyligi, asar tili, quyuq tasvirlar, mavzuga doir tajribalar — bularning hammasi alohida Nobelga loyiq. Agar bu asarni yolg‘iz, shovqindan xoli joyda, shoshilmasdan, sokin o‘qisangiz, endi siz ijara to‘lovi muddatidan o‘tib ketgan tor kvartirangizdagi yag‘iri chiqib ketgan ko‘rpacha ustida issiqdan terlab o‘tirgan emas, sarhadsiz dengiz po‘rtanalarida xotirjam suzib yurayotgan bo‘lasiz, cholning xatti-harakatlari, qarori, irodasiga javoban chuqur xo‘rsinib qo‘yasiz. Ha, hajman unchalik katta bo‘lmagan ushbu qissa Xeminguey ijodida alohida o‘rin tutadi. Uni chuqur falsafiy ma’noga ega hikoya desa ham bo‘ladi.
Men yaqinda bildim: ko‘pchilik Santyagoni “To‘qchilik va yo‘qchilik” romanidagi Morgan bilan teng ko‘rarkan. Yo‘q, bu xato xulosa. Negaki ikkinchisi tayinli mehnat bilan shug‘ullanmaydi, tavakkaliga yashaydi, qaltis ishlarga qo‘l uradi, jinoyat orqasidan tirikchilik o‘tkazadi. Keksa Santyago esa o‘zi haqida boshqacha fikrda: bir umr baliq ovlash uchun dunyoga kelganman deb faxrlanadi. O‘z kasbiga bunday munosabat Xemingueyga ham xos edi, u bu dunyoda yozish uchun yashayotganligini ko‘p marta aytgan.
Hammasidan bor — sujet, tahlil, konflikt, akulalar, simvol
Santyago baliq oviga aloqador hamma narsani yaxshi biladi. Kubada ko‘p yil yashagan Xeminguey ham bu ishda katta tajriba orttirgan edi. Chol ulkan nayzabaliqni tutib oladi: dengizda u bilan uzoq, tinka-madorni quritadigan, kuch-qudratdan mahrum etadigan, holdan toydiradigan olishuvda g‘olib chiqadi, baliqni yengadi, ammo yirtqich akulalardan o‘z o‘ljasini himoya qilishga qurbi yetmaydi, kurashda yengiladi. Bu voqea tafsilotlari juda tiniq, nihoyatda samimiyligidan baliq ovini miridan-sirigacha puxta egallagan inson tarafidan yozilganligi aniq ko‘rinib turadi.
Qissada dengiz go‘yo tirik mavjudotdek namoyon bo‘ladi. “Boshqa, yoshroq baliqchilar dengiz haqida xuddi makon, raqib, ba’zan dushmandek gapirishardi. Chol esa dengizni iltifotli, saxovat ko‘rsatayotgan yoki undan mahrum etayotgan ayoldek his qilardi, garchi yovuzlik yoki bemulohaza ish tutsa, nima ham qilib bo‘ladi, uning tabiati shunaqa”.
Cholning mahorati va jasorati tabiiy, unda minglab muxlislarning ko‘z o‘ngida hayot-mamot kurashi olib borayotgan matadorning ko‘pchib turguvchi jazavasi ham, hayajoni ham yo‘q. Chol buni yaxshi biladi, o‘zi egallagan kasbga xos bo‘lgan jasorat, matonat, iroda, fe’l-atvorning barqarorligini u ko‘p marta sinovdan o‘tkazgan, isbotlagan. “Xo‘sh, nima bo‘pti, — dedi u o‘ziga. — Endi buni yana isbotlashim kerak. Har safar hisob qaytadan ochiladi. Shu bois ham u biror bir ishni boshlaganida, o‘tmishida qolgan voqealarni hech qachon eslamasdi”.
Xeminguey aslida “haqiqiy cholni va haqiqiy bolakayni, haqiqiy dengiz hamda haqiqiy baliqni va haqiqiy akulalarni tasvirlashga” harakat qilganini qayd etgan edi. Tan olish kerakki, yozuvchi o‘z maqsadiga erishdi. Tasavvur qilib bo‘lmaydigan darajada aniqlik bilan dengiz manzaralarini jonli, yorqin ranglarda tasvirladi. Santyagoning nayzabaliq va akulalar bilan olib borgan hayot-mamot kurashi tasvirlangan badiiy lavhalar o‘quvchini hayratga soladi, o‘ziga maftun etadi.
Santyago obrazini yaratar ekan, yozuvchi tabiat kuchlari oldida insonning ojizligi va yolg‘izligini mubolag‘ali tasvirlashdan voz kechadi, o‘z qahramonini kapitalistik munosabatlar doirasidan chiqarib yuboradi, yakka odamning jamiyatga qarshi kurash qonunlariga rioya qilmasligini tasvirlashga harakat qiladi.
Xeminguyeyning oldingi qahramonlari burjuaziya hayotiga xos qonuniyatlar metindek mustahkamligiga ko‘r-ko‘rona ishongan edi. Shuning uchun ham ular “hech narsaga ega bo‘lolmagan g‘olibga” aylanishgandi. Santyago esa mag‘lubiyatga uchrasa ham baribir g‘olib bo‘lib chiqadi. Buni bolakay: “Ular seni yengolmadi-ku! Baliq seni yengolmadi-ku”, degan xitobi bilan tasdiqlaydi.
Shu tarzda chol va bolakay o‘rtasidagi oddiy suhbat orqali mohir yozuvchi asosiy fikrini, aytish mumkinki, asl niyatini namoyon qiladi. “Inson mag‘lubiyatga uchrash uchun yaratilgani yo‘q. Insonni yo‘q qilib tashlash mumkin, ammo uni aslo yengib bo‘lmaydi!” degan teran umumlashma fikrni adib o‘quvchi ongiga yetkazadi.
“Chol va dengiz” qissasi — yozuvchining donishmandligi, aql-zakovati mahsulidir. Ijod va hayotda bosib o‘tgan yo‘li davomida Xeminguey axtargan insonparvarlik ideali uning aynan shu asarida bekam-u ko‘st namoyon bo‘ladi. Uning “Odamzodni yanchib tashlash mumkin, lekin uni bo‘ysundirish mumkin emas”, degan so‘zlari inson qudratiga yozuvchining cheksiz ishonchini ko‘rsatadi. Bu yo‘l izlanish, adashish, ishtibohlarga to‘la bo‘lib, g‘arbdagi yetuk ijodiy ziyolilarning aksariyati shu yo‘ldan yurib muvaffaqiyat qozongani ma’lum. Vijdonli ijodkor, realist yozuvchi, o‘z davrining chinakam qahramoni bo‘lgan Xeminguey zamon muammolariga tinimsiz javob izladi va yagona xulosaga keldi: “Insonni yengib bo‘lmaydi!”.
Ularning nutqi shoirona metaforalardan xoli
Ta’kidlash joizki, Xeminguey o‘ziga xos uslubga ega san’atkordir. Yozuvchining ilk hikoya va romanlari nashrdan chiqa boshlaganidanoq tanqidchilar uning asarlarida dialog muhim ahamiyat kasb etishiga alohida e’tibor qaratishgan. Dialoglar qahramonlarni batafsil ta’rif-tavsiflashni, uzundan-uzoq lirik chekinishlarni, ahamiyatsiz bayonlarni siqib chiqardi. Xeminguey nasri”ga xos dramatizmni kuchaytirdi. Shu bilan birga dialogning qisqa va lo‘ndaligi, sodda va mazmuni teranligini ham ta’kidlab o‘tish lozim. Xeminguey qahramonlari oddiy tilda so‘zlashadi. Ularning nutqi shoirona metaforalardan xoli. Ushbu yuzada qalqib turgan soddalikda jonli, hayajonli fikr ustuvordir. Bu fikr so‘zlar ichiga emas, balki asar matnining tagma’nosiga singib ketadi. O‘quvchi qahramonning ruhiy holatini teran anglagandan keyingina ushbu tagma’noni tushunib olishi mumkin.
“Yo‘qotilgan avlod”ning ko‘pgina yozuvchilarining (Xeminguey, Folkner, yana bor edi, esimga kelmadi) ijodi yillar davomida bir yo‘sinda davom etdi. Faqatgina Folkner yigirmadan ortiq ijodiy yo‘nalishlari bilan “yo‘qotilgan avlod”ning achchiq haqiqatini yoritib berdi. “Yo‘qotilgan avlod” davriga xos umumiylik shundan iborat ediki, adiblarning ruhiy jihatdan birdamligi va qiziqqonligi, uzoqni ko‘zlay biladigan ko‘pgina adabiy guruhlardan ko‘ra ustunroq edi.
Masalan, Xemingueyning “Alvido, qurol” asaridagi Frederik Genri, “Quyosh baribir chiqaveradi” asaridagi Yakob Barnes, “To‘qchilik va yo‘qchilik”dagi Garri Morgan, “Qo‘ng‘iroq kimni chorlaydi”dagi Robert Jordan va albatta “Chol va dengiz” qissasidagi qariya Santyagoda ham insonga xos sabr, matonat, qat’iylik va chidam namoyon bo‘ladi.
Asar yakunidagi umuminsoniy charchoq
Santyagoning irodasi baliqni tutguncha emas, tutgandan keyin hujum qilgan akulalar bilan sinaladi. Eng kulminatsion nuqta ham shu. Bunda go‘yoki insonning sof kechinmalari bilan tekintomoq, nafsga topingan illatlar jang qiladi. Chol yengilsa-da, tomiridagi so‘nggi quvvati tugagunga qadar qarshi chiqadi.
Esga tushyaptimi, ufq qizarar chog‘i tag‘in qon hidini olib kelgan yirtqich nahanglar galasi kemaga hujum qiladi-ku. Chol ularning boshlariga to‘qmoq bilan urib, haydab yuboradi, lekin tunda ular qaytib keladi. Santyago avval yirtqichlarga qarshi rumpelning o‘tkir bo‘lagi bilan kurashadi. Nihoyat akulalar suzib ketadi. Lekin endi ulkan nayzabaliqdan asar ham qolmagandi. Mag‘lubiyatdan so‘ng chol kechqurun ko‘rfazdagi kulbasiga sudralib kiradi. Tutqichni yechib, yelkanni bog‘lab, uyi tomon yuradi. Chol bir zum orqasiga o‘girilib, katta baliqning dumi va oq suzgichiga tikiladi. Bu nigohda charchoq va horg‘inlikdan tashqari, ichki xotirjamlik bor edi. Santyago uyquga ketishi bilan bola cholning kulbasiga keladi. U cholning qontalash kaftlarini ko‘rib yig‘laydi. U cholga qahva olib kelib, uni tinchlantirgandek bo‘ladi va bundan buyon ular birga baliq ovlashiga ishontiradi, u cholga omad olib kelishiga ishonadi. Lekin Santyago aslida siqilgani yo‘q, uning ko‘ngli shunchalar to‘qki, avval sira ham bunaqa tatimni totmagan.
Ertalab baliqchilar bahaybat baliq qoldiqlaridan hayratda qoladi. Ular baliqning ulkan dumi bilan uzun oq umurtqasini ko‘rib lol qolishadi. Kimdir buni chol ushlaganini tasdiqlasa, kimdir ishonmaydi. Mana shunday g‘iybat boshlangan chog‘ chol o‘z kulbasida miriqib uxlaydi va tushida qirg‘oqqa chiqayotgan arslonlarni ko‘radi...
Mana, insonning o‘zidan o‘zi ko‘ngli to‘lishiga isbot. Siz ham baliqni ushlolmadi-ku, dersiz. Santyagoga tashqi muvaffaqiyat yetishmasa ham uning ichki muvaffaqiyati bilan bu narsaning ahamiyati butkul yo‘qolgan edi. Bu tinimsiz ruhning moddiy boyliklar ustidan g‘alabasi. Bundan tashqari, Santyago ko‘zlarining rangi, Xeminguey Santyagoni dengiz bilan tobora ochiq taqqoslashidan dalolat beradi, bu esa saksonni urib qo‘ygan qariyaning hadsiz ruhi va cheksiz dengiz qudratini bevosita uzviy bog‘liq ekanini anglatadi.
Xulosa o‘rnida
Xeminguyey asarlarining qahramonlari uning o‘zi kabi hayotning ekstremal ko‘rinishini afzal ko‘rishardi. Shulardan biri korrido hisoblanadi: “Quyosh baribir chiqaveradi”, “Tushlikdan keyingi o‘lim”, “Xavfli yoz”, “Afrikaning yashil adirlari”, “Makomberning uzoqqa cho‘zilmagan baxti” va “Klimanjaro qorlari”. Bu asarlardagi qattiqqo‘llik va o‘lim urush sifatida emas, balki, buqalar bilan jang va hayvon ovlash san’atiga aylanadi. Korrespondent sifatida Xeminguey hamisha tuli xil voqealar guvohi bo‘lgan hamda buni u o‘zining ijodida to‘laqonli yoritib berishga harakat qilgan. Shuning uchun ham uning asarlaridan tabiiylik shirasining ta’mi sezilib turadi.
Asardan iqtiboslar
— Itoatkorlik ruhi qachondan boshlab o‘z qalbida qo‘nim topgani ustida bosh qotirib o‘tirmoqlik uchun chol benihoya soddadil edi. Ammo u o‘zining itoatgo‘y bo‘lib qolganini va bu itoatdan u o‘z nomusi, insonlik qadr-qimmatini yo‘qotmaganligini bilar edi…
— Men uchun qarilikning o‘zi qo‘ng‘iroq soat. Chollar nega juda barvaqt turisharkan-a? Nahotki buni qolgan umrlaridan bir kunini bo‘lsa ham cho‘zish niyatida qilishsa? Bilmadim. Faqat shuni bilamanki, yoshlar qattiq va ko‘p uxlashadi…
— O‘zi ishim o‘ngidan kelmayapti. Yana kim biladi? Ehtimol, baxt bugun menga ham kulib boqar. Har kunning o‘z taomili bor. Albatta, kishining ishi yurishib turganiga nima yetsin. Ammo men o‘z ishimni puxta bo‘lishini ma’qul ko‘raman. Baxt kelgan chog‘da, uni kutib olmoqqa tayyor turaman.
Qiziqarli faktlar
30-yillarga kelib Xeminguey ijodida bir qadar tushkunlik kayfiyati kuzatiladi. Bunga sabab qilib yozuvchini “shon-shuhrat mast qilib qo‘yganligida” deb ko‘rsatishadi. Bunga dalil tariqasida Xemingueyning o‘zini “chinakam erkak” qilib ko‘rsatishga intilishi, ispan korridosiga, afrikacha ovga bo‘lgan ehtirosi, atrofidagilarga bepisand munosabati kabi harakatlarini keltirishadi.
Frensis Skott kabi Xeminguey ham o‘z avlodining ifodalovchisi bo‘ldi. Biroq hech qachon Ikkinchi jahon urushida jang qilmagan va o‘z avlodining taqdir jozibasini tasvirlovchi Frensisdan farqli o‘laroq, u urush, o‘lim va “yo‘qotilgan avlod” haqida tirik qolganlarning oshkora ta’rifini keltirdi. Uning qahramonlari xayolparast emas, balki jasur toreadorlar, askarlar va jismonan baquvvat odamlar edi. Ziyolilar esa xomxayoldan xoli.
Azizbek Yusupov
Izoh (0)