Meyson Grinvud “Manchester Yunayted”ni tark etadi.
Klub futbolchining zo‘ravonlik bilan bog‘liq ichki tekshiruv natijalarini sarhisob qildi va yarim himoyachi aybsiz degan xulosaga keldi.
Shu bilan birga, tomonlar futbolchining “Manchester Yunayted”dagi faoliyatini davom ettirishi qiyin bo‘ladi degan xulosaga keldi. Tomonlar hamkorlikni tugatish ustida ish boshladi.
“Bizda mavjud bo‘lgan dalillarga asoslanib, internetga joylashtirilgan materiallar to‘liq tasavvurni bermagani va Meyson o‘zi ayblangan jinoyatlarni sodir etmagan degan xulosaga kelindi. Shu bilan birga, Grinvud omma oldida tan olganidek, xatolarga yo‘l qo‘ygan, buning uchun javobgarlikni zimmasiga oladi.
Bu jarayonda ishtirok etganlarning barchasi, jumladan, Meysonning o‘zi ham faoliyatini “Manchester Yunayted”da davom ettirishi qiyinligini biladi. Shu boisdan, biz futbolchi bilan hamkorlikni tugatish ustida ish boshladik”, — deyiladi klub bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, Grinvud jinsiy zo‘ravonlik, o‘lim bilan tahdid qilishda gumon qilingan. 2022-yil 2-fevralda u garov evaziga ozod qilingandi. Iyun oyida esa garov evaziga ozod qilish muddati uzaytirilgandi.
2022-yil oktabr oyida Grinvud uni jinsiy zo‘ravonlikda ayblagan qiz bilan aloqaga chiqqani uchun yana hibsga olingan.
2023-yilning fevral oyida Manchester politsiyasi Grinvuddan barcha ayblar olib tashlanganini ma’lum qildi.
Izoh (0)