O‘zbekistonda nikoh yoshiga yetmagan farzandini turmushga bergan ota-ona javobgarlikka tortiladi. Bu haqda Adliya vazirligi eslatib o‘tdi.
Maʼlum qilinishicha, ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoki uylantirish 4 million 950 ming so‘m jarima solishga sabab bo‘ladi.
“Ushbu qilmish maʼmuriy jarima qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Maʼlumot uchun, respublikada nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilangan.
Avvalroq O‘zbekistonda yanvar—iyun oylarida jami 98 ming 700 ta nikoh tuzilgani, bunda ayollar o‘rtacha 23 yoshda, erkaklar 28 yoshda nikohlanayotganini xabar qilgandi.
Izoh (0)