AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland Nigerga safar qildi. U mamlakatda hokimiyatni qo‘lga olgan harbiylar bilan “o‘ta samimiy va bir qadar murakkab” muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar bermoqda Davlat departamenti matbuot xizmati.
Nuland xuntani, agar mamlakatda qonuniy hukumat tiklanmasa, AQSH Nigerga har qanday yordamni to‘xtatishi haqida ogohlantirgan. U isyonchilarga konstitutsiyaviy tuzumni tiklashda Amerikaning yordamini ham taklif qilgan.
Davlat kotibi o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, ayni damda Niger harbiylari davlat to‘ntarishiga barham berishdan manfaatdor emas.
“Vaziyat qanday tus olishi borasida ularning o‘z fikrlari bor. Umid qilamanki, ular diplomatiya uchun eshikni ochiq qoldiradi”, — dedi Nuland.
AQSH rasmiysi, shuningdek, xuntani “Vagner” yollanma askarlarining mamlakatda paydo bo‘lishidan kelib chiqadigan xavflar haqida ogohlantirgan.
Men ularga “Vagner” kirib kelgan mamlakatlarda xavfsizlik yomonlashayotganini, inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyat og‘irlashayotganini eslatdim, — deb uning so‘zlarini keltirdi davlat departamenti.
Nulandning qo‘shimcha qilishicha, harbiylar agar “Vagner” askarlari mamlakatga taklif qilinsa, suverenitetga xavf tug‘dirishini yaxshi tushunayotgandek ko‘ringan.
Xunta vakili Nulandga davlat to‘ntarishi boshlanganidan beri hibsda qolayotgan Niger prezidenti Muhammad Bazum bilan uchrashishga ruxsat bermagan.
Nigerda harbiylar davlat to‘ntarishi uyushtirdi
Nigerda harbiy to‘ntarish 26-iyul kuni sodir bo‘ldi. O‘shanda xunta vakillari respublika prezidenti Muhammad Bazumni hokimiyatdan chetlatganini ma’lum qildi. Ikki kundan so‘ng prezident gvardiyasi boshlig‘i general Abdurahmon Chiani o‘zini yangi davlat rahbari deb e’lon qildi.
Ko‘plab mamlakatlar davlat to‘ntarishini qoralab, prezident Bazumning zudlik bilan ozod etilishini talab qildi. Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Nigerga qarshi sanksiyalar kiritdi va qonuniy hukumat tiklanmaguncha respublikaga barcha moliyaviy yordamni to‘xtatdi. G‘arbiy Afrika mamlakatlari iqtisodiy hamjamiyati (ECOWAS) vakillari Niger bilan barcha tijoriy operatsiyalarini to‘xtatdi, uning Afrika markaziy bankidagi aktivlarini muzlatib qo‘ydi va respublikaga moliyaviy yordam ko‘rsatish dasturlarini to‘xtatdi.
Shuningdek, ECOWAS davlatlari Nigerdagi harbiylarga ultimatum qo‘yib, mamlakatdagi qonuniy hokimiyatni joyiga qaytarish uchun bir hafta vaqt berdi. Muddat 6-avgustda tugadi, biroq ittifoq aʼzolari ogohlantirgan chora ko‘rilmadi — Nigerga bostirib kirilmadi. Wall Street Journal gazetasi ECOWAS davlatlaridan birining yuqori martabali harbiy zobitiga tayanib, mintaqa qurolli kuchlari hali aralashuvga tayyor emasligi va tayyorgarlik uchun ko‘proq vaqt kerakligini yozdi.