Ukraina qo‘shinlarining yillik xarajati 2 trillion grivnaga (deyarli 55 milliard dollar) teng, dedi Bosh vazir Denis Shmigal.
“Qurolli kuchlar va urushga sarflanadigan mablag‘ yiliga 2 trillion grivnaga yaqin. Bu tinchlik davridagi budjetning daromad qismidan ham ko‘proq”, — deya Shmigalning so‘zlaridan iqtibos keltirdi Ukrinform agentligi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda davlat hamkorlarning moliyaviy ko‘magi, shuningdek, grant va kreditlar hisobidan o‘zini ushlab turibdi.
Avvalroq Oliy Rada Budjet qo‘mitasi raisi Roksolana Pidlasa joriy yilda Ukraina budjetini moliyalashtirish uchun xalqaro hamkorlardan 25,3 milliard dollar tashqi yordam jalb qilingani, bu barcha daromadlarning 49,1 foizini tashkil etishini ma’lum qilgandi.
Ukraina parlamenti 2023-yilgi davlat budjetini 1 trillion 296 million grivna (35,1 milliard dollar) defitsit bilan qabul qildi. Bosh vazir Denis Shmigalning ta’kidlashicha, 2023-yilgi davlat budjeti loyihasida daromadlar 1,28 trillion grivna (taxminan 34,6 milliard dollar), xarajatlar 2,57 trillion grivna (taxminan 69,6 milliard dollar), oylik budjet taqchilligi 3 milliard dollarga baholanmoqda. Ukraina bu taqchillikni tashqi qarzlar bilan qoplash niyatida.
Izoh (0)