Ukraina aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va iqtisodiyotni tiklash uchun Jahon bankidan 1,5 milliard dollar kredit oladi, deb xabar qildi mamlakat bosh vaziri Denis Shmigal o‘z Telegram kanalida.
"Ukraina Jahon bankidan Yaponiya hukumati kafolati bilan 1,5 milliard dollar kredit oladi. Hozirgina Jahon banki vitse-prezidenti Antonella Bassani bilan uchrashuvimiz davomida Jahon banki va Ukraina Moliya vazirligi tegishli kelishuvni imzoladilar", — deb yozdi Shmigal.
Unga ko‘ra, mablag‘lar aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va iqtisodiyotni tiklash uchun ajratilgan. Bosh vazirning aniqlik kiritishicha, Jahon banki guruhi hamkorlar bilan birgalikda Ukrainaga yordam berish uchun 34 milliard dollar mablag‘ ajratgan. Shundan 22 milliard dollardan ortig‘i allaqachon mamlakat budjetiga kelib tushgan.
Avvalroq Ukraina moliya vaziri Sergey Marchenko mamlakat budjeti joriy yilda qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini aytgan edi. Rasmiylar 2024-yilda budjetni tashqi moliyalashtirish hajmi 2023-yildagidan kam bo‘lmasligiga umid qilishayotganini ma’lum etishgan.
Izoh (0)