“Daryo”da “ ‘Mahalla nomi Nilufarmish, zimiston mahalla deyish kerak’. Sergelida yashovchi aholi elektr taʼminotidagi uzilishlardan shikoyat qildi”, sarlavhali maqola eʼlon qilingandi. Mazkur muammoga munosabat bildirgan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning Toshkent shahar filiali Sergelidagi muammoni tan oldi va holat qachon yaxshilanganiga aniqlik kiritdi.
Qayd etilishicha, aholi tomonidan aytilgan muammo o‘sha kuni video yozib olinganidan so‘ng, 10 daqiqa o‘tgach, hal etilgan.
Anomal issiq natijasida ayrim joylardagi transformator punktlari hamda kabel tarmoqlarida isteʼmol yuklamasi ortishi natijasida avariyali uzilish holatlari yuzaga kelmoqda. Xususan, joriy yilning 31-iyul kuni soat 20:30 dan 22:15 gacha Sergeli tumani “Nilufar” mahallasi hududini elektr energiyasi bilan taminlovchi RP “Furqat” taqsimlash punktidan chiquvchi “fider nadyojniy” uzatmasidan ta’minlanuvchi yerosti yuqori kuchlanishli elektr uzatish kabel tarmog‘ining moyli o‘chirgichi shikastlanishi natijasida avariya holatida uzilish sodir bo‘lgan. Shu kunning o‘zidayoq Sergeli TETning tezkor brigada xodimlari tomonidan avariyaviy holatlar va kamchiliklar bartaraf etilgan. Ayni vaqtda mazkur hududning elektr ta’minoti me’yoriy sxema bo‘yicha uzatilmoqda va elektr ta’minoti to‘liq taminlangan, — deyiladi masʼullar izohida.
“Daryo”dagi maqolada murojaatchining “Mana, soat kechki 10:05 bo‘ldiki, Sergeli-2 da hali ham ‘svet’ yo‘q. Hamma yoq zim-ziyo, qop-qorong‘i. Ikki-uch soatdan beri ‘svet’ yo‘q. Kelyapti, o‘chyapti, yana kelyapti, o‘chyapti. Texnikalar kuyyapti. Bunga kimdir javob beradimi? Nega Sergeli tuman ‘res’ining boshlig‘i, mundoq eplab ishini qilolmayapti? Hamma yoq zim-ziyo mana. Ko‘chada faqat mashina chirog‘i yonsa, ko‘cha ko‘rinyapti. Bo‘lmasa, ko‘cha ham ko‘rinmaydi. Yo‘lning narigi tomonidagi uylarda ‘svet’ bor. Bu yoqda, Sergeli-2 ‘Nilufar’ mahallasida ‘svet’ yo‘q. Mahallaning nomi tag‘inam Nilufarmish, zimiston mahalla deyish kerak”, — degan iddaolari yozilgandi.
Izoh (0)