Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak tumanida ayol Qozog‘istonda ishlayotgan eriga jahl qilib, bolalarini muntazam qiynab kelgani aniqlandi.
Aniqlanishicha, 19-iyul kuni Qorao‘zak tumani, “Qutli makon” MFYda yashovchi fuqaro P.J. Qozog‘istonda ishlab yurgan turmush o‘rtog‘i K.S. bilan yuzaga kelgan kelishmovchilik natijasida, voyaga yetmagan farzdandi T.J.ga tazyiq o‘tkazib, uni haqorat qilgani tasvirlangan videoni turmush o‘rtog‘i K.S.ga Telegram orqali yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan 27-iyulda Qorao‘zak tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan fuqaro P.J.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandi (voyaga yetmagan shaxsni muttasil ravishda do‘pposlash yoki boshqacha harakatlar bilan qiynash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, mazkur oilada tarbiyalanayotgan uch nafar voyaga yetmaganlarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash maqsadida tuman prokuraturasi tomonidan ularning holidan xabar olinib, maktabgacha va maktab taʼlimi hamda ichki ishlar organlarining psixolog xizmati xodimlari jalb qilindi.
Hozirda voyaga yetmaganlar Qozog‘istondan qaytib kelgan otasi K.S.ning qaramog‘iga topshirildi. Jinoyat ishi tergovi Qoraqalpog‘iston prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.
Izoh (0)