O‘zbekistonda eng xavfli yo‘l va chorrahalar xaritasi shakllantiriladi, deb xabar bermoqda Prezident matbuot xizmati.
Unga ko‘ra, yig‘ilishda “Yo‘l harakati xavfsizligi – jamoatchilik nazoratida” tamoyili asosida yiliga kamida ikki marta ijtimoiy so‘rov o‘tkazish yo‘lga qo‘yilishi taʼkidlandi. Endi yo‘ldagi dislokatsiya tushunchasidan voz kechilib, barcha yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchun mahallalarni qamrab oluvchi javobgarlik hududi belgilab qo‘yiladi.
Eng xavfli yo‘l va chorrahalar xaritasini shakllantirib, ularni tartibga solish uchun:
- nechta svetofor yoki qancha uzunlikdagi yo‘l to‘siqlari kerak;
- qaysi hududlarga yer usti va yer osti piyoda yo‘laklari zarur;
- harakat xavfsizligi uchun jiddiy xavf tug‘dirayotgan “yama” va “garmoshkalar”ni taʼmirlash uchun qancha mablag‘ zarur, degan savollarga aniq hisob-kitoblarini berish topshirildi.
Mutasaddilar va barcha viloyatlar hokimlariga bir oy muddatda konsultantlarni jalb qilib, hududidagi eng xavfli yo‘l va chorrahalarda tartib o‘rnatish loyihasini boshlashga ko‘rsatma berildi.
Izoh (0)