Rossiyada davlat prokurori muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyni “ekstremizm” ishi bo‘yicha 20 yilga ozodlikdan mahrum etishni talab qildi. Bu haqda Navalniyning maslakdoshi Ivan Jdanov xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prokuror Navalniyning maxsus rejimli koloniyada jazo o‘tashini so‘ramoqda.
Siyosatchining Twitter sahifasida xabar berilishicha, prokuror ushbu “ekstremizm” ishida ayblanayotgan ikkinchi shaxs Daniyel Xolodniyni 10 yilga ozodlikdan mahrum etishni talab qilmoqda.
Sud hukmi 4-avgust kuni e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
Navalniyning yangi ishi bo‘yicha sud majlislari yopiq eshiklar ortida o‘tmoqda.
20-iyul kuni Yevropa Ittifoqi Navalniy jazo o‘tayotgan Vladimir viloyatidagi 6-sonli koloniya boshlig‘i, shuningdek, yana bir qancha amaldorlarga nisbatan sanksiyalar kiritdi. YI izohlashicha, Vladimir koloniyasi rahbariyati inson huquqlarining buzilishiga, jumladan, qamoqxonadagi g‘ayriinsoniy sharoitlar va Navalniyning jazo kamerasiga jo‘natilishi uchun javobgar, deb topilgan.
Aleksey Navalniy 2021-yil boshidan beri qamoqda, u “Iv Roshe” ishi bo‘yicha sinov muddatini buzganlikda ayblanib, hibsga olingan. Keyin unga qarshi yana bir qancha ishlar, jumladan, “faxriyga tuhmat qilish” bo‘yicha hukm chiqarildi. 2022-yil mart oyida sud uni jami 9 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Navalniy o‘tgan yilni Vladimir viloyatidagi 6-koloniyada o‘tkazdi, u yerda siyosatchi turli bahonalar bilan doimiy ravishda jazo kamerasiga jo‘natilmoqda.
2023-yil iyun oyi boshida sud Navalniyning yangi ishini ko‘rib chiqishni boshladi, unda siyosatchi boshqa narsalar qatori “ekstremistik hamjamiyat” yaratishda ayblanmoqda.
Izoh (0)