AQSHning Bruklin shahridagi otishmada og‘ir yaralanib vafot etgan 15 yoshli o‘zbekistonlik o‘smirning janozasida Nyu-York meri Erik Adams ishtirok etdi, deb xabar bermoqda New York Post.
Marhum Faridun Mavlonovning janozasi “Sanset” bog‘ida bo‘lib o‘tgan. So‘zga chiqqan Nyu-York meri Erik Adams Faridunning oila-a’zolariga hamdardlik bildirib, shahardagi qotilliklarni to‘xtatish uchun rasmiylarni ko‘chalarni o‘qotar qurollardan tozalashga chaqirgan.
“Ko‘chalarimizda juda ko‘p qurol bor, yoshlarimiz orasida zo‘ravonlik avj olgan. Hayotimizni shahrimiz bolalarini qutqarishga bag‘ishlash — zimmamizdagi majburiyat. Yoshlar yoshlarni o‘ldirmoqda, bu tahlikali signal”, — dedi Erik Adams.
O‘smirning buvisi Umaro Kamolova “U Amerika chempioni bo‘lishni va Amerikada O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarishni xohlardi. Biz u bilan doimo faxrlanardik”, — deb esladi.
15 yoshli Faridun Mavlonovni 17-iyul kuni uyidan bir mil uzoqlikda otib ketishgan. Oqibatda u 18-iyul kuni vafot etgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘smirning otasi Firdavs Mavlonov bundan 12 yil avval oilasi bilan birga AQSHga ko‘chib borgan. Faridun uning olti farzandidan biri edi. Vafotiga qadar bola shahardagi Yangi Utrext yuqori maktabida tahsil olgan.
Izoh (0)