Rossiya tomonidan anneksiya qilingan Qrimning Kirovskiy tumanidagi poligonda 19-iyulga o‘tar kechasi yong‘in chiqdi, shu sababli mahalliy hokimiyat to‘rtta aholi punktini evakuatsiya qilishni boshladi.
Qrim maʼmuriyati rahbari Sergey Aksyenovning so‘zlariga ko‘ra, ikki mingdan ortiq odam evakuatsiya qilinishi rejalashtirilgan. Aksyenov, shuningdek, yong‘in sodir bo‘lgan hududda “Tavrida” trassasi bo‘ylab harakatlanish to‘xtatilganini ma’lum qildi.
Mash Telegram-kanali xabariga ko‘ra, yong‘in o‘q-dorilar omborida boshlangan. Mahalliy aholiga oxirgi ikki soat davomida poligondan besh kilometr radiusda portlash ovozi eshitilib turibdi, deb yozdi telekanal.
Aksyenovning maslahatchisi Oleg Kryuchkovning aytishicha, mintaqada Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor shtab tuzilgan.
Yong‘in sababi haqida mahalliy hokimiyat ma’lumot bermayapti. Aksyenovning yozishicha, tunda Qrimga dronlar hujum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘qqizta dron havo hujumidan mudofaa kuchlari tomonidan urib tushirilgan, yana 19 tasi elektron kurash tizimlari yordamida bostirilgan.
18-iyul kuni ertalab Qrim rahbari yarimorol sharqiga 30 ga yaqin dron hujum qilgani haqida xabar bergandi. Qayd etilishicha, dronlar urib tushirilgan yoki zararsizlantirilgan.
Izoh (0)