Rossiya prezidenti Vladimir Putin Qrim ko‘prigidagi portlash munosabati bilan tegishli vazirlar va qo‘shib olingan viloyatlar rahbarlari bilan ochiq yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Meduza xabar berdi.
Putin yig‘ilishni ochar ekan, ko‘prikda xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha takliflar kutayotganini aytdi. U federal xavfsizlik xizmati va Tergov qo‘mitasiga “nima bo‘lganini batafsil bayon etish”ni topshirdi.
Rossiya prezidenti, shuningdek, voqeani “Kiyev rejimining terrorchilik harakati” va “ma’nosiz jinoyat” deb atadi va Qrim ko‘prigidan harbiy transport uchun “uzoq vaqtdan beri foydalanilmayotganini” qo‘shimcha qildi.
“Albatta, Rossiyadan javob bo‘ladi. Mudofaa vazirligi tegishli takliflarni tayyorlamoqda”, — dedi Putin.
Bosh vazir o‘rinbosari Marat Xusnullin prezidentga joylarda vaziyat haqida gapirar ekan, ko‘prik ustunlariga zarar yetmaganini, biroq avtomobil o‘tadigan bir qism vayron bo‘lganini va uni qayta tiklash mumkin emasligini aytdi.
Xusnullinning aytishicha, kun oxirigacha ko‘prikda teskari avtomobil harakat qayta tiklanadi. Unga ko‘ra, ko‘prikning bir tomonida to‘liq ikki tomonlama qatnov 15 sentabrdan, ikkinchi tomondan esa noyabr oyidan yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.
Qrim ko‘prigida portlash
17-iyul tongda Qrim ko‘prigida portlash sodir bo'ldi, oqibatda yo'lning bir qismi suvga tushib ketdi. Portlash oqibatida ikki nafar rossiyalik halok bo‘lgan.
Ba’zi OAV manbalarga tayanib, bu Ukraina xavfsizlik xizmati (UXX) va Ukraina harbiy-dengiz kuchlari tomonidan amalga oshirilgan maxsus operatsiya bo‘lganini xabar qildi, biroq UXX ko'prikdagi ushbu hujum tafsilotlariga aniqlik kiritmadi.
Kreml munosabati
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Rossiyaning barcha tegishli xizmatlari va idoralari Qrim ko‘prigidagi portlashdan so‘ng ehtimoliy yangi hujumlarga tayyor ekanini aytdi. U “maxsus harbiy operatsiya”ning maqsadlari orasida Qrim ko‘prigidagi portlashga javob ham bo‘lishini ta’kidladi.
“Biz bu terakt sabablari va uning ortida kimlar turganini bilamiz. Bu bizdan yanada sovuqqonlik, qo‘shimcha chora-tadbirlar va qo‘shimcha mehnat talab qiladi”, — dedi Peskov.
Izoh (0)