Qashqadaryo viloyatida 1,5 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan MCHJ rahbari aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Ma’lum qilinishicha, departamentning Muborak tuman bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruv davomida “S-B.” MCHJ rahbari B.T. va boshqalar qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotib olish va eksportga yo‘naltirish uchun hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan 1,5 milliard so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari evaziga xarid qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilmasdan naqd pulga sotib, ushbu mablag‘larni o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) bilan bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Kredit mablag‘larining o‘zlashtirilishi
Fevral oxirlarida Surxondaryo viloyatining Oltinsoy va Termiz tumanlarida 11 milliard so‘mdan ortiq kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan MCHJ rahbarlari aniqlangandi. May oyida esa Surxondaryo va Farg‘onada oilaviy korxonalar rahbarlari 1,2 milliard so‘mdan ortiq imtiyozli kreditlarni talon-toroj qilgani to‘g‘risida xabar berilgan edi. Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda davlat dasturi doirasida ajratilgan kredit mablag‘lari talon-toroj qilingani ma’lum bo‘lgandi.
Izoh (0)