Janubiy Afrika Respublikasi AQSH bojxona to‘lovlari sababli Osiyo va boshqa hududlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish uchun yangi bozorlar qidirmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi mamlakat qishloq xo‘jaligi vaziri Jon Stenxoyzenga tayanib xabar bermoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp 1-avgustdan boshlab JARdan keltirilayotgan barcha tovarlarga 30 foizlik import bojini joriy etishni e’lon qilgandi. Iyul oyi oxirida JAR savdo vaziri mahalliy 702 radiostansiyasiga bergan intervyusida, AQSH vakillari bojlar joriy etilishi muddati yaqinlashayotgani munosabati bilan respublikani Oq uyga yangi, o‘zgartirilgan savdo bitimini taqdim etishga undaganini ma’lum qildi.
“Janubiy Afrika AQSHning jazo tariqasidagi import bojlaridan zarar ko‘rgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun Osiyo va boshqa mintaqalarda yangi bozorlar ochishga intilmoqda. Xitoyga eksportni ko‘paytirish ustuvor vazifa hisoblanadi... Shuningdek, Rossiya, Janubiy Koreya, Filippin, Yaponiya va Yaqin Sharq mamlakatlari ham ko‘rib chiqilmoqda”, deydi Stenxoyzen.
Stenxoyzenning ta’kidlashicha, Janubiy Afrika qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib beruvchilarining bir qismi 30 foizlik bojlar sharoitida ham raqobatlasha olishini aytmoqda, chunki Janubiy Afrika rendining dollarga nisbatan past kursi ularga ma’lum ustunlik beradi.
Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, Stenxoyzen JAR sitrus sanoati va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi sanitariya protokollari bo‘yicha “cho‘zilib ketgan nizo”ni hal qilishga urinmoqda. Vazir Yevropa Ittifoqi bilan ushbu protokollarni chetlab o‘tishga imkon beradigan ikki tomonlama kelishuvga erishishga umid qilmoqda.
“Biz uchun eng oson yo‘l - bu muammoni Yevropada hal qilish. Shunda biz sitrus mevalarning katta qismini u yerga yo‘naltira olamiz”, deydi vazir.
Iyul oyi boshida JAR prezidenti devoni Janubiy Afrika Respublikasi Trampning tovarlarga yangi import bojlari joriy etilishini e’lon qilishi munosabati bilan AQSH bilan muvozanatli va o‘zaro manfaatli savdo aloqalariga erishish uchun diplomatik sa’y-harakatlarga sodiqligini bildirganini ma’lum qilgandi. Bayonotda, shuningdek, JAR AQSH bilan muzokaralarni davom ettirayotgani qayd etilgan.
Izoh (0)