Filippinda bortida 120 nafar yo‘lovchi va ekipaj a’zolari bo‘lgan parom ochiq dengizda yonib ketdi. Bu haqda 18-iyun, yakshanba kuni Sohil qo‘riqlash xizmati vakillariga tayanib, Associated Press xabar berdi.
Qayd etilishicha, Filippinning Sikigor provinsiyasidan Bohol provinsiyasiga suzib ketayotganda Esperanza Star kemasida ertalab yong‘in chiqqan.
Olovni o‘chirish hamda yo‘lovchilar va ekipajni qutqarish uchun ikkita kema jo‘natilgan. Yong‘in besh soat ichida o‘chirilib, odamlar xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan, jabrlanganlar yo‘q.
Yong‘in sabablari noma’lum. Hodisa yuzasidan tergov boshlandi.
Eslatib o‘tamiz, mart oyida Filippinda Lady Mary Joy 3 paromi yonib ketgandi, shundan so‘ng 31 kishi, jumladan, olti bola halok bo‘lgan. Kema bortida jami 250 ga yaqin odam bo‘lgan.
Izoh (0)