AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken ikki kunlik tashrif bilan Pekinga keldi, deb xabar bermoqda Associated Press.
Safar davomida AQSH Davlat departamenti rahbari Xitoy tashqi ishlar vaziri Sin Gan va, ehtimol, Xitoy rahbari Si Szinpin bilan uchrashishi kutilmoqda.
Blinken Xitoyga fevral oyida tashrif buyurishi kerak edi, biroq AQSH havo hududida Xitoy shari topilib, urib tushirilgach, safar kechiktirildi. O‘shanda Vashington Pekinni josuslikda gumon qilgan.
Associated Press ta’kidlaganidek, Blinken Jo Bayden 2021-yil yanvarida prezident bo‘lganidan buyon Xitoyga tashrif buyurgan eng yuqori martabali AQSH rasmiysiga aylandi. U, shuningdek, so‘nggi besh yil ichida Xitoyga tashrif buyurgan birinchi AQSH Davlat kotibi bo‘ldi.
Entoni Blinkenning tashrifi AQSH prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Szinpin o‘rtasidagi uchrashuvlarga zamin yaratishi kutilmoqda. Avvalroq Bayden yaqin oylarda Si bilan uchrashishga umid qilayotganini aytgan.
- AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar savdodan tortib mintaqaviy xavfsizlikkacha bo‘lgan bir qancha jabhalarda, jumladan Tayvan va Rossiyaning Ukrainaga bosqini bo‘yicha kelishmovchiliklar tufayli yomonlashgan.
Izoh (0)