Florida shtatining Mayami shahar meri Frensis Suares AQSH prezidentligiga nomzodini qo‘yish uchun Federal saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni topshirdi, deb xabar bermoqda Politico. U Respublikachilar partiyasidan nomzod bo‘ladi.
Shu tariqa, Suares Florida shtatidan AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp va shtat gubernatori Ron Desantisdan keyin uchinchi nomzodga aylandi.
Frensis Suares 45 yoshda. U ikki marta — 2017-yilda (86 foiz ovoz olgan) va 2021-yilda (79 foiz ovoz) Mayami meri etib saylangan. Uning otasi Ksaver Suares ham ikki marta, 1980 va 1990-yillarda shahar meri bo‘lib ishlagan.
Suares, Tramp va Desantisdan tashqari, Trampning vitse-prezidenti Mayk Pens, Janubiy Karolinaning sobiq gubernatori va AQSHning BMTdagi sobiq elchisi Nikki Xeyli, senator Tom Skott va Nyu-Jersi sobiq gubernatori Kris Kristi Respublikachilar partiyasidan prezidentlik saylovida ishtirok etishga qaror qilgan. Reuters xabariga ko‘ra, tez orada Shimoliy Dakota gubernatori Dug Burgam ham nomzodini e’lon qiladi.
Amaldagi prezident Jo Bayden, Jon Kennedining jiyani kichik Robert Kennedi va xayriyachi Marianne Uilyamson Demokratik partiya nomidan ishtirok etishlarini e’lon qilgan.
Izoh (0)