O’zLiDePdan prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev farg’onalik saylovchilar bilan uchrashuvda Qo‘qonda bo‘lgan yong‘in bo’yicha munosabat bildirdi.
“Shu haftada Qo‘qondagi buyum bozorida sodir bo‘lgan yong‘in yuzlab tadbirkorlarimizga zarar yetkazdi. Qo‘qonlik tadbirkorlarimiz xotirjam bo‘lsin, biz hech kimni o‘z holiga tashlab qo‘ymaymiz!
Bu bozor uzog‘i bilan bir oyda to‘liq tiklab beriladi, bunga barcha kuch va vositalarni safarbar qilamiz. Kim qaysi do‘konda faoliyat yuritgan bo‘lsa, o‘sha yerda tadbirkorligini davom ettiradi”, — dedi nomzod.
Shavkat Mirziyoyev yong‘indan zarar ko‘rgan barcha tadbirkorlarning kredit va soliq to‘lovlari muddati kechiktirilishini ta’kidladi.
“Ularning qaytadan “oyoqqa turib olishlari” uchun aylanma mablag‘ uchun imtiyozli kreditlar ajratiladi. Yong‘in oqibatida bozorga tutash hududlarda zarar ko‘rgan aholi xonadonlari to‘liq ta’mirlab beriladi.
Umuman, yetakchi loyiha tashkilotlarini jalb qilib, bozorlarni zamonaviy, qulay, barcha xavfsizlik talablariga javob beradigan savdo komplekslariga aylantirish bo‘yicha katta dastur qabul qilamiz”, — dedi nomzod.
Izoh (0)