O‘zbekiston fuqarolarini Polsha, BAA va Estoniyaga ishga jo‘natishni vaʼda qilib, firibgarlik qilgan shaxslar ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Chilonzor tuman bo‘limi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.T. fuqaro O.X.ning ishonchiga kirib, unga yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Polshaga ishga jo‘natish evaziga 5100 AQSH dollarini olgan vaqtida ushlangan.
Shu kabi departament hamda DXXning Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro A.R. fuqaro M.K. va uning turmush o‘rtog‘i V.A.ni BAAning Dubay shahriga ishga jo‘natish evaziga 1200 dollar olgan vaqtida ushlangan.
Departament hamda DXXning Sirdaryo viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa, fuqaro R.I. fuqaro A.S.ni tanishlari yordamida 2000 dollar evaziga Estoniyaga ishga jo‘natishni vaʼda qilib, shundan 1100 dollarni olgan vaqtida ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Izoh (0)