Qirg‘izistonda Ombudsman instituti ekspertlari qamoqxonadagi ayollardan bolalarni olib qo‘yishni taqiqlovchi qator qonunlarga o‘zgartirishlar kiritishni taklif qildi.
Shuningdek, qamoqdagi homilador ayollar va yosh bolasi bor qizlar uchun maqbul moddiy-maishiy sharoitlar ta’minlash ilgari surilgan.
Huquq himoyachilari Qirg‘iziston jazoni ijro etish muassasalarida ayollar huquqlarining buzilishini bir necha bor qayd etgan. Ko‘pincha shaxsiy tintuv qarama-qarshi jins vakillari tomonidan amalga oshiriladi, bu qonun nuqtayi nazaridan qabul qilinishi mumkin emas.
Bundan tashqari, mahkum ayollar shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanish imkoniga ega emas. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish va tibbiy xizmat ko‘rsatilishidan bosh tortish holatlari ham tez-tez qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, hibsga olinganlar o‘zlarining kamsitilishini va qadr-qimmatiga tajovuzni his qilmasliklari uchun shtatlarni kengaytirish va ayollarni axloq tuzatish muassasalariga ishlashga jalb qilish zarur.
Izoh (0)