Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan o‘tkazilgan tadbir natijasida O‘zbekistonga sintetik giyohvandlik vositalarining yashirin ravishda olib kirilishining oldi olindi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hujjatlarga ko‘ra “Ayritom” chegara bojxona posti orqali kirib kelgan yuk avtotransport vositasiga, 9 ming dona plastik idishlarga qadoqlangan 18 tonna anor sharbati ortilgan bo‘lib, Toshkentdagi maʼsuliyati cheklangan jamiyatlardan birining nomiga yuborilgan.
Ammo bojxona organlari faoliyatiga joriy qilingan “Xavflarni boshqarish” tizimida yuklar “qizil” yo‘lakka yo‘naltirilgan. Shundan so‘ng, Surxondaryo viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, ichki ishlar idoralari va Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda ushbu yuk avtotransport vositasi bojxona ko‘rigidan o‘tkazilgan.
Ko‘rik davomida ayrim anor sharbati idishlariga “M” harfi belgisi tushirilgani, aynan shu idishlardagi sharbatning ranggi ham boshqalaridan biroz farq qilishi ma’lum bo‘lgan. Aynan shu idishlar ochib ko‘rilganida, idish og‘zidagi himoya qatlamlari ham muqaddam ochilgani shubhalarni yanada orttirgan.
Giyohvandlik vositalarini tezkor aniqlashga xizmat qiluvchi sinama ko‘magida ushbu sharbat tekshirib ko‘rilganida, uning tarkibida “Metamfetamin” nomli sintetik giyohvandlik vositasi borligi aniqlangan.
Aynan “M” harfi tushirilgan sharbatlar soni 48 dona bo‘lib, idishi bilan hisoblaganda ularning umumiy og‘irligi 103 kilogrammni tashkil qilgan.
Hozirda yuqoridagi holat bo‘yicha bojxona organlari tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Giyohvand moddalar savdosi
Mart oyi o‘rtalarida DXX Chegara qo‘shinlari va Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlarida katta miqdordagi narkotik moddalarning o‘zbek—qirg‘iz davlat chegarasidan noqonuniy o‘tkazilgan holati aniqlangandi.
Shuningdek, Navoiy viloyatida narkotik moddalar savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh qo‘lga olingani, Toshkentda giyohvand moddalar savdosi bilan shug‘ullangan talabalar ushlangani, shuningdek, Samarqanddagi tungi klubda 10 ming AQSH dollari evaziga giyohvand modda sotishga uringanlar qo‘lga tushgani to‘g‘risida xabar berilgandi.