Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi bolalar bog‘chasida to‘rt nafar qizchaga tegajog‘lik qilingani, bunda bog‘cha direktorining 15 yoshli o‘g‘li ayblanayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ma’lum qilishicha, bog‘cha direktori bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
“Chilonzor tumanidagi 230-maktabgacha ta‘lim tashkiloti direktori bog‘cha hududiga begona shaxsni kirishiga yo‘l qo‘yib bergani, tarbiyalanuvchi bolalar hayotini xavf ostiga qo‘ygani, ichki mehnat tartib-qoidalarini buzgani va o‘z xizmat vazifasiga mas‘uliyatsizlik bilan yondashgani sababli u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 161-moddasi ikkinchi qismi 5-bandiga asosan bekor qilindi”, — deyiladi xabarda.
Ayni damda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi (jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish) orqali 119-moddasi (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Poytaxt IIBB mazkur holat nazoratga olingani va tekshiruv yakuni bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishini bildirgan. Bosh prokuratura ham mazkur voqea yuzasidan munosabat bildirib, holat nazoratga olinganini, natijalari haqida qo‘shimcha axborot berilishini maʼlum qildi.