Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov issiqxonalar uchun plyonkalar ishlab chiqarishda Koreyaning eng yirik kompaniyalaridan biri bo‘lgan “Sangjin Co., Ltd.” prezidenti Xyon San Choy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuvda “Sangjin Co., Ltd.” kompaniyasi tomonidan Farg‘ona shahrida mahalliy tadbirkor Nozim Hamroqulov bilan hamkorlikda amalga oshirishga kirishilayotgan gidrofil ta’sirli oftobbardosh polietilen plyonkalar ishlab chiqarish loyihasi muhokama qilindi.
O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida rivojlanib borayotgan issiqxonachilik sohasi uchun zarur bo‘lgan maxsus plyonkalar asosan xorijdan import qilinayotgan bo‘lib, bu mahsulotni mahalliylashtirish ichki bozordagi talabni sifatli va arzon mahsulot bilan qondirish bilan birga, qo‘shni davlatlarga ham eksport qilish imkoniyati berishi qayd etildi.
Rejalashtirilayotgan korxonaning viloyat qishloq xo‘jaligi rivoji uchun ahamiyatini qayd etgan viloyat hokimi, loyihani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdi. Korxona kunlik 25 tonnagacha turli o‘lcham va qalinlikdagi issiqxona plyonkalari, qishloq xo‘jaligi uchun plyonkalar va geomembrana qoplamalari ishlab chiqaradi.