Toshkent shahri Yangihayot tumanida qurilayotgan ko‘p qavatli uydan gaz hisoblagichlarni o‘g‘irlaganlar ushlandi. Bu haqda Tergov departamenti axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 13-aprel kuni 39 yoshli Q.S. ariza bilan murojaat qilib, unda o‘zi rahbarlik qilayotgan MCHJ tomonidan qurilayotgan qurilish obektida joylashgan 16 qavatli uylarda noma’lum shaxslar tomonidan o‘g‘irlik bo‘layotganini aytib, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Olib borilgan tergov-tezkor harakatlar natijasida mazkur jinoyatni 2022-yil dekabr oyidan 2023-yilning 12-aprel kuniga qadar 32 yoshli X.D. va 25 yoshli J.M. xonadonlarga o‘rnatilgan gaz hisoblash uskunalarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, mazkur uskunalarni 500-600 ming so‘mga sotgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksning 169-moddasi 2-qismi “v, g” bandlari (o‘g‘irlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishi doirasida mazkur jinoyatga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarga nisbatan, huquqiy baho berilishi ta’minlanadi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)