Andijon viloyatida qurilish ishlari bo‘yicha 1,1 mlrd so‘mlik ishlar sifatsiz bajarilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.
Xabarga ko‘ra, davlat dasturlari ijro etilishini nazorat qilish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabi rahbari, Bosh prokuror o‘rinbosari Salom Samadov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Andijon viloyatida qurilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar ahvoli o‘rganildi. Xususan, viloyatda dasturlar doirasidagi budjet mablag‘lari hisobidan 716 ta obyektda 1 trillion 48 milliard so‘mlik qurilish taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
O‘rganishlar jarayonida, 1,1 milliard so‘mlik sifatsiz ishlar bajarilgani hamda 1,5 milliard so‘mlik bajarilmagan ishlar hisobotlarga qo‘shib yozilgani aniqlanib, kamchiliklarni joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi.
Shuningdek, aniqlangan qonun buzilishlar bo‘yicha 13 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi hamda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar bo‘yicha 35 ta yozma ko‘rsatmalar berilishi taʼminlandi. O‘rganishlar yakuni bo‘yicha soha bo‘yicha barcha masʼullar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, yig‘ilishda obyektlarni foydalanishga topshirish, mablag‘larni iqtisod qilish va yangidan boshlanuvchi obyektlarga shaharsozlik hujjatlarining ishlab chiqilishida buyurtmachi tashkilotlar va boshqa mutasaddilar tomonidan sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganligi alohida taʼkidlanib, bunga masʼul bo‘lgan shaxslarning tushuntirishlari eshitildi hamda kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq muddatlar belgilandi.
Izoh (0)