”Yashil makon” loyihasi doirasida Surxondaryo viloyati Ekologiya boshqarmasiga ajratilgan pullar va boshqa mablag‘lar maqsadsiz foydalanilgani haqida xabarlar tarqaldi. Tabiat resurslari vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasi mazkur xabarlarga izoh berdi.
Xabarga ko‘ra, Ekologiya qo‘mitasi raisining (o‘sha vaqtda vazirlik nomi shunday atalgan) 1-apreldagi “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida ko‘chat ekish ishlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi 123-sonli buyrug‘iga binoan 2022-yil 6-aprelda boshqarmaning hisob raqamiga 50 million pul o‘tkazib berilgan. Sarflanmasdan qolgan 50 million so‘m pul 2022-yil Davlat Ekologiya qo‘mitasining hisob raqamiga belgilangan tartibda qaytarib berilgan.
Tuzilgan ishchi guruh tomonidan o‘rganishlar jarayonida 2022-yil davomida qo‘mita tomonidan boshqarmaga moliyalashtirilgan mablag‘lardan 36 million so‘m boshqarmaning zarur ehtiyojlari uchun ishlatilgan, jumladan, internet to‘lovi, sudlarga pochta xarajatlari, konvert va markalar, konselyariya mollari uchun sarflangan.
Shuningdek, murojaatda ko‘rsatilgan 8 million so‘m miqdoridagi mablag‘lar boshqarmaning atrof-muhitni monitoring qilish tahlil laboratoriyasining “Enter engineering PTD LTD” Boysun GPZ xo‘jalik kompaniyasining ekologik tahlillari uchun xizmat ko‘rsatish shartnomasiga asosan depozit hisob raqamiga tushgan. Ushbu mablag‘lar maqsadli Tahlil laboratoriyasining zarur ximiraktivlari olishi uchun ishlatilgan.
Bundan tashqari, Tabiat resurslari vazirligi Surxondaryo viloyati boshqarmasining 2022-yil uchun budjet mablag‘larining xarajatlar smetasi tuzilib, viloyat Moliya boshqarmasi tomonidan tasdiqlangan va mahalliy budjetdan moliyalashtirilgan.
Murojaatda aytilgan 2022-yilgi budjet mablag‘lari noqonuniy yo‘l bilan talon-taroj qilingani va shaxsiy ehtiyojlarga ishlatilgani aytilgan gaplar asossiz ekani taʼkidlangan.
Qayd etilishicha, ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar yuzasidan davlat inspektorlari tomonidan qilingan har bir jarimalar “E-jarima” tizimiga kiritiladi. “E-jarima” platformasidagi maʼlumotlarni vazirlik va boshqarma xodimlari hech qanday bir holatda o‘chirolmaydi. “E-jarima” maʼmuriy ish bazasining nazoratini to‘g‘ridan to‘g‘ri Ichki Ishlar vazirligi tomonidan yuritiladi.
Izoh (0)