Namangan shahrida ohak pishirish xo‘jaligi 4 milliard so‘mdan ortiq tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlandi.
“Hududgaz Namangan” gaz taʼminoti filialining xabar qilishicha, Davlatobod tumani gaz taʼminoti bo‘limi mutaxassislari tomonidan nazorat tadbirlari o‘tkazildi. Tadbir davomida tumanda gaz taʼminoti tizimiga noqonuniy ulangan ohak pishirish xo‘jaligi aniqlangan.
“Nam Smart Servis” MCHJga tegishli bo‘lgan mazkur korxona tarmoqqa yashirin tarzda ulanib noqonuniy ravishda ohak pishirish uchun tabiiy gazdan foydalanib kelgan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra korxona 4 milliard so‘mdan ortiq tabiiy gaz isteʼmol qilgani aniqlangan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar maʼmuriy tarzda chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani gaz taʼminoti bo‘limi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida tumanda gaz taʼminoti tizimiga noqonuniy ulangan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi aniqlangan.
“Nurli yo‘l gaz servis” MCHJga qarashli bo‘lgan mazkur AGTKSH kompressorlarini gaz quvuriga noqonuniy ulagan holda tabiiy gazdan foydalanib kelishidan tashqari, AGTKSH uchun alohida o‘rnatilgan elektron gaz hisoblash uskunasiga ham tashqi tasir ko‘rsatilgani aniqlangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra shoxobcha 396 million so‘mlik tabiiy gaz isteʼmol qilgan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar maʼmuriy tarzda chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim etilgan.
Izoh (0)