Qirg‘izistonning Baliqchi shahrida, Issiqko‘ldan uncha uzoq bo‘lmagan joyda eski qabriston o‘rniga istirohat bog‘i va masjid quriladi.
Mazkur tashabbus qabr va yodgorliklarni buzish uchun ovoz bergan mahalliy aholi tomonidan ham ma’qullangan. Bog‘ning qurilishiga shahar hokimligi tomonidan ko‘mak beriladi. Ushbu maydon tekislanadi, keyin bog‘ va 9000 kishiga mo‘ljallangan masjid qad rostlaydi.
Shahar hokimi Arnabek uulu Azamatning so‘zlariga ko‘ra, qabristonni buzish 2016-yilda rejalashtirilgan. Shundan so‘ng 2 marta jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilgan va uchinchisida yig‘ilganlar uni buzishga qaror qilgan.
“Qabristonning o‘zi 1940-yilda ochilgan bo‘lib, oxirgi dafn 1972-yilda amalga oshirilgan. Yarim asrdan ko‘proq vaqt o‘tgan bo‘lsa, bu joydan boshqa ehtiyojlar uchun foydalanish mumkin. Bu ham qonuniy, ham diniy tomondan joizdir”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Sanitariya me’yorlariga ko‘ra, qabristonni ko‘chirishda joylarni qayta ishlash kerak. Shu bilan birga, turar joy maydonini tashkil qilish uchun bunday hududlardan tuproq olish qat’iyan man etiladi. Bunday joylardan foydalanish 30 yil o‘tgach va faqat yashil maydonlar uchun ruxsat beriladi.
Izoh (0)