AQSH razvedkasi Ukrainadagi urush rivojlanishining “kutilmagan ssenariylari”ni, jumladan, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning o‘limini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Pentagonning internetda sizdirilgan maxfiy hujjatlariga tayanib, The New York Times xabar berdi.
Hujjatda urushning kechishiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan to‘rtta ssenariy ko‘rsatilgan: Vladimir Putinning o‘limi, Vladimir Zelenskiyning o‘limi, Rossiya armiyasi rahbariyatining o‘zgarishi va “Ukrainaning Kremlga zarbasi”.
Hujjatda aytilishicha, urush uzoq davom etishi mumkin va har bir ssenariy vaziyatni kuchaytirishi, mojaroni muzokaralar yo‘li bilan tugatishi yoki sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin.
“Ukrainaning Kremlga zarba berish” ssenariysiga tushuntirish berilmagan. Biroq voqealarning bunday rivojlanishi bilan Putin “ommaviy norozilik”ka javob berishi, safarbarlikni boshlashi va taktik yadro qurolidan foydalanish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkinligi keltirilgan.
Bu holatda voqealar rivojining yana bir varianti, ya’ni jamiyatdagi qo‘rquv Rossiya prezidentini urushni hal qilish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga majbur qilishi mumkin.
“Bayden ma’muriyati Ukrainaning Moskvaga ehtimoliy zarbasidan ko‘proq xavotirda, chunki bu Rossiya tomonidan keskin eskalatsiyani keltirib chiqarishi mumkin. Bu xavotirlar AQSH Kiyevni uzoq masofaga uchuvchi qurollar bilan ta’minlashni istamasligi sabablaridan biridir”, — deyiladi xabarda.
Sizib chiqqan hujjatda ma’lum bir ssenariyning yuzaga kelishi ehtimoli haqida hech qanday baho yo‘q. Nashr bunday hujjatni razvedka uchun “odatiy” deb baholadi, u harbiylar, siyosatchilar va qonunchilarga yirik voqealarning mumkin bo‘lgan natijalarini baholashda yordam berish uchun mo‘ljallangan.
Hujjat “RELIDO” deb belgilangan, ya’ni yuqori martabali amaldorlar undan olingan ma’lumotlarni xorijiy hamkorlarga oshkor qilishi mumkin. Hujjatda 24-fevral sanasi keltirilgan va “bir yil” deb belgilangan, bu AQSH razvedkasi tahlili urush boshlanganining bir yilligida qilinganini ko‘rsatadi.
Izoh (0)