Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanidagi qishloqlarning birida paydo bo‘lgan yovvoyi ayiq hududdagi maktab binosiga kirishga uringani xabar berilgandi. Chiroqchi tuman Maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi rahbari Farhod Jumanovning “Daryo”ga bildirishicha, ayiq maktab binosiga kirolmagan.
“Shu xabarni o‘qiganimdan so‘ng, tezda 103-maktabga yetib keldim va direktor bilan suhbatlashib, holatga aniqlik kiritdim. Direktorning aytishicha, ayiq binoga kirishga urinib, deraza oynalarini urib sindirgan. Eshikka yopishgan. Ammo ichkariga kirolmagan”, — deydi Farhod Jumanov.
Masʼulning aniqlashtirishicha, ayiq maktab binosiga kirishga uringanida ichkarida 35 nafardan ortiq o‘quvchi bo‘lgan.
“O‘qituvchilar topshirig‘iga ko‘ra, o‘quvchilar sinfxona eshiklarini yopib olgan va vahimaga tushmaslikka harakat qilishgan. Bu paytda 2 ta sinfxonada 35 nafardan ortiq o‘quvchilar bo‘lgan. Xayriyatki, ayiq ichkariga kirolmagan. Voqeadan hech kim jabrlanmagan, hech kimga zarar yetmagan”, — deydi u.
Chiroqchi tumani hokimligi axborot xizmatining “Daryo”ga bildirishicha, odamlar quvishidan vahimaga tushgan ayiq ayni paytda qishloqdagi kichik g‘orlardan biriga kirib olgan.
Izoh (0)