Xitoy rahbari Si Szinpin kelasi haftada hamkasbi Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Rossiyaga borishni rejalashtirmoqda. Bu haqda manbalarga tayanib, Reuters xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, tashrif rejalashtirilgan vaqtdan ertaroq amalga oshiriladi. Xususan, Xitoy rahbarining Moskvaga safari haqidagi gap-so‘zlar Pekin Ukrainada tinchlik o‘rnatish uchun vositachilik qilishni taklif qilganidan so‘ng paydo bo‘lgan. Bu Rossiyaning Xitoyni diplomatik qo‘llab-quvvatlashi sababli G‘arbda shubha uyg‘otgan.
Rossiyaning “TASS” agentligi 30-yanvar kuni Putin Si Szinpinni bahorda mamlakatga tashrif buyurishga taklif qilganini yozgan. The Wall Street Journal esa Moskvaga tashrif aprel yoki may oyining boshida bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan. Fevral oyida Putin Moskvada Xitoyning yuqori martabali diplomati Van Ini qabul qilgan.
Fevral oyi oxirida Pekin "Ukraina inqirozini siyosiy yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini" e’lon qildi. U “barcha mamlakatlar suverenitetini hurmat qilish”, “sovuq urush mentalitetidan voz kechish” va “harbiy harakatlarni to‘xtatish” taklif qilingan 12 banddan iborat rejani o‘z ichiga oladi.
Bir necha kun avval AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken Vashingtonda Xitoy hukumati Rossiyaga qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar yetkazib berishni rejalashtirayotganini ko‘rsatuvchi hujjatlar borligini aytgandi.
Izoh (0)