Turkiyada zilzila qurbonlari orasida shaxsi aniqlanmagan murdalar kimsasiz qabristonlarga ko‘milayotgani rad etildi. Turkiya respublikasi prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasining “Daryo”ga maʼlumot berishicha, yaqinlari topilmagan murdalarning barmoq izlari va DNK namunalari olingandan so‘ng murdaga raqam beriladi hamda qayd qilinadi.
“Ayrim ommaviy axborot vositalarida ‘Jasadlar kimsasizlar qabristoniga dafn etilmoqda, degan gaplar tarqatildi, bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi’, — deydi bu xususida “Daryo” muxbiri bilan muloqot qilgan Turkiya respublikasi prezidenti huzuridagi Kommunikatsiyalar boshqarmasining Toshkent elchixonasi Kommunikatsiyalar bo‘yicha maslahatchisi Hamdi Turshuju.
Taʼkidlanishicha, zilzila sabab halok bo‘lganlarning shaxsini aniqlash sinchkovlik bilan amalga oshirilib, jasadlari zudlik bilan yaqinlariga yetkazilmoqda.
“Qidiruv-qutqaruv ishlari davomida topilgan va shaxsini aniqlash imkoni bo‘lmagan jasadlar uchun shaxsini aniqlash maqsadida maxsus fotosuratlar olinib, barmoq izlari va DNK namunalari olingandan so‘ng murdaga raqam beriladi va qayd qilinadi. Jasadlarning dafn etilish ruxsatnomasi rasmiylashtirilganidan so‘ng, joy va qabriston raqamlanib, bayonnoma bilan qayd qilinadi. Va jasad dafn etiladi. Keyinchalik uning qarindoshlari chiqsa barmoq izlari va DNK namunalari orqali shaxsiga aniqlik kiritilib, qabrga uning nomi yoziladi”, — deydi masʼul.
Izoh (0)