Istanbulning g‘arbiy qismidagi Avjilar tumani yaqinida Marmara dengizi qirg‘oqdan taxminan 15 metr ortga chekindi, deb xabar bermoqda Haber 7.
Oltinova va Tekirdag‘ tumanlari hududida esa dengiz qirg‘oqdan 25 metrgacha bo‘lgan masofaga chekindi. Suvlarning chekinishi ortidan “Qirollik yo‘li” deb nomlanuvchi qoyalar ko‘rinib qolgan.
Kandilli observatoriyasining ta’kidlashicha, bu hodisa yaqinda sodir bo‘lgan zilzilalar bilan emas, balki bosimning pasayishi bilan bog‘liq. Tekirdag‘ universiteti o‘qituvchisi Namiq Kamol, dotsent Emre O‘zshaxin Marmara dengizi har yili qirg‘oqdan chekinishini ta’kidladi. U “qo‘rqadigan hech narsa yo‘q” ekanini aytdi.
6-fevralga o‘tar kechasi Turkiya va Suriya chegarasi yaqinida 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar, keyin esa 2,7 mingdan ortiq kuchsizroq yer silkinishlari sodir bo‘ldi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada 31 643 kishi halok bo‘lgan, yana 158 165 kishi jarohatlangan.
Turkiyaning Xatay viloyatida sodir bo‘lgan zilzilalardan so‘ng chuqurligi taxminan 30 metr va kengligi taxminan 200 metr bo‘lgan ulkan yoriq hosil bo‘lgan. Yaqin atrofdagi qishloq aholisi portlashga o‘xshash kuchli shovqin eshitganini, so‘ng yoriq zaytun daraxtlari dalasidan o‘tib, uni ikkiga bo‘lib qo‘yganini aytmoqda.
Izoh (0)