Toshkent shahri Shayxontohur tumanida narkokuryerlarni “samosud” qilib kelgan guruh ushlandi. Bu haqda poytaxt Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, guruh rahbarlari o‘g‘rilik qilgan yoki boshlig‘ini haqoratlagan ishchilarning “aqlini kiritib qo‘yish” uchun mushtumzo‘r yigitlarni yollagan.
Har bir kaltaklangan “zakladchik” uchun 300—500 dollargacha va’da qilingan. Bu pullar esa ish bajarilgach, videofakt ko‘rilib, shundan so‘ng ijrochilarning kartasiga tashlab berilgan.
“Meni chatga qo‘shishdi. U yerda sportik degan vakansiya bor ekan, shunga ishga kirdim. Bu ish o‘rnidagi vazifa ”zakladchik“larni tutib urishdan iborat edi. Bizga 6 kishini urish bo‘yicha buyurtma berishgandi”, — deydi ayblanuvchilardan biri.
Shuningdek, yigitlardan biri boshqalarni do‘pposlashni xohlamgani sababli poyloqchilik vazifasini bajargan. Boshqasi esa “zakladchik”larni do‘pposlab, yuziga “zelyonka” sepgani uchun 400 ming so‘m olganini aytgan. Ulardan narkodo‘kondan uzr so‘rash ham talab qilingan.
Toshkent shahri IIBB tergovchisi Muhammadkarim Matkarimovning ta’kidlashicha, ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 164-moddasi (bosqinchilik), 277-moddasi (bezorilik), 130 prim 1-moddasi (zo‘ravonlikni yoki shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, olib kirish, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish) ayb e’lon qilinib, sudga taqdim qilingan.
Izoh (0)