Shavkat Mirziyoyev 13-fevral kuni ijtimoiy sohalarga mas’ul rahbarlarni qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bir-biriga yaqin sohalar negizida Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi tashkil etildi.
Prezident O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasida “ijtimoiy davlat” tamoyiliga alohida e’tibor qaratgandi. Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, demakdir. Bu esa ta’lim va tibbiyot sifati, ilm-fan va madaniyat rivoji, yoshlar hayotida aks etadi.
Yig‘ilishda ushbu sohalardagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Ta’lim tizimining barcha bosqichlari isloh qilinib, izchil rivojlantirilmoqda. So‘nggi yillarda ko‘plab bog‘cha va maktablar qurildi. Maktablarda o‘quvchi o‘rni, oliy ta’lim qamrovi oshdi. Yig‘ilishda vazirlar tizim faoliyatini samarali tashkil etish masalalari va ustuvor vazifalar yuzasidan axborot berdi.
Izoh (0)