Soledar hozir Ukraina harbiylari nazoratida bo‘lib, shahar tashqarisida rus qo‘shinlari bilan shiddatli janglar ketmoqda. Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Anna Malyar Soledarda sodir bo‘layotgan voqealar haqida gapirdi.
“Bugun Baxmut yo‘nalishidagi Soledar hududida shiddatli va eng og‘ir janglar davom etmoqda. Mudofaamizni yorib o‘tib, shaharni egallashga muvaffaqiyatsiz uringan dushman katta yo‘qotishlarga uchradi”, — dedi Malyar.
Uning so‘zlariga ko'ra, rossiyalik harbiylarning aksariyati va Vagner yollanma askarlari shaharga kira olmaydi. Ular Soledar uchun janglarda halok bo‘lmoqda. Shahar yaqinidagi hududlar tom ma’noda Rossiya harbiylar jasadi bilan to‘lib-toshgan.
Mudofaa vaziri o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, Rossiya harbiylari hatto halok bo‘lganlarning jasadlarini olib chiqish va yaradorlarni evakuatsiya qilishga harakat ham qilmayapti. Ular o‘z vatandoshlarining jasadlari ustidan Soledarga kirishga harakat qilmoqda.
“Shaharda shiddatli janglar kechmoqda. Soledarning qaysi qismini nazorat qilayotganimiz va dushman qaysi qismni nazorat qilishga urinayotganini foizlarda baholash biroz o‘rinsiz. Janglar davom etmoqda”, — deyiladi xabarda.
Soledar uchun shiddatli janglar ketayotgani haqidagi ma’lumotni Ukraina Milliy gvardiyasi bosh boshqarmasi vakili Nikolay Urshalovich ham tasdiqlagan. U Soledar hududida Ukraina milliy gvardiyachilari oddiy rus askarlari, yaqinda safarbar qilingan ruslar va “Vagner”ning yollanma askarlari bilan to‘qnashayotganini aytdi.
Soledarning Ukraina hududi ekanini Prezident devonining rahbari Andrey Yermak ham yozgan. U ukrainaliklarni rus targ‘ibotchilarining Rossiya qurolli kuchlari Baxmut va Soledarni allaqachon qo‘lga olgani haqidagi soxta xabarlariga ishonmaslikka chaqirgan.
Mavzuga doir:
Izoh (0)