Buxoro viloyatida Yo‘l-patrul xizmati inspektoriga pora taklif qilgan fuqaroga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar qildi.
Maʼlum bo‘lishicha, 2025-yilning 1-avgust kuni “Sarmijon” yo‘l-patrul maskanida xizmat olib borayotgan YPX inspektori Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida yashovchi fuqaro boshqaruvida bo‘lgan Cobalt mashinasini hujjatlarni tekshirish maqsadida to‘xtatganida uning haydovchilik guvohnomasi yo‘qligi aniqlangan.

Shundan so‘ng haydovchiga nisbatan bayonnoma rasmiylashtirilib, mashina jarima maydoniga qo‘yilayotganida huquqbuzar avtomobilni chiqarib berish va bayonnomani bekor qilish evaziga inspektorlarga pora taklif qiladi.
Xodimning yozgan bildirgisi asosida tegishli organlar ishtirokida o‘tkazilgan tezkor tadbirda huquqbuzar inspektorga 1,5 million so‘mni naqd shaklda pora tariqasida bermoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Maʼlumot uchun, Jinoyat kodeksining ushbu moddasiga asosan fuqaro bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh (0)