Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida 4-yanvar kuni avtomobilni yuqori tezlikni boshqarish oqibatida odam o‘limi bilan tugagan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar qildi.
Qayd etilishicha, holat shu kuni soat 17:30 larda G‘allaorol tumani hududidan o‘tuvchi 4P-41 G‘allaorol—O‘smat—Baxmal avtomobil yo‘lining 16-kilometrida yuz bergan. Baxmal—G‘allaorol yo‘nalishida haydovchi O.M. (1999-yilda tug‘ilgan) Lacetti avtomobilida yuqori tezlikda harakatlanishi oqibatida boshqaruvni yo‘qotgan va yo‘lning o‘ng tomoniga chiqib ketib, transport vositasi daraxtga urilgan.
YTH oqibatida avtomobil salonida bo‘lgan yo‘lovchilar N.A. (2004-yilda tug‘ilgan) olgan og‘ir tan jarohatlari bilan voqea joyida, K.K. (1968-yilda tug‘ilgan) shifoxonada vafot etgan. Shuningdek, avtomobil haydovchisi hamda salonda bo‘lgan yana bir yo‘lovchi yengil tan jarohatlari olgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)